Navroʻz kunlari hataylik Turkiya fuqarolari delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

Shu yilning 20–24-mart kunlari Hatay viloyatidan Turkiya fuqarolari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtadi.

Ushbu tashrif Oʻzbekiston Prezidentining Navroʻz bayrami munosabati bilan ilgari surilgan va 2026-yil 29-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi doirasida bildirilgan tashabbusiga muvofiq tashkil etilmoqda.

Taʼkidlanishicha, tashabbus Turkiya axborot makonida keng aks-sado bergan. “Haberler”, “Ensondakika”, “İlkhaber Gazetesi”, “Sondakika” kabi yetakchi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, “Ülke TV” va “Bengü Türk” telekanallari boʻlajak tashrifni faol yoritmoqda.

Xususan, Hatay viloyati gubernatori Mustafo Masatli va viloyat aholisining tashakkurnomasi eʼlon qilinib, unda Oʻzbekiston tomoniga taklif uchun minnatdorlik bildirilgan.

Maʼlum qilinishicha, delegatsiya tarkibidan Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari ham oʻrin olgan boʻlib, ular tashrifning borishi va Oʻzbekistonda Navroʻz bayrami doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar haqida Turkiya jamoatchiligini muntazam ravishda xabardor qilib boradi.