Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan tabrik yoʻlladi

Siz, azizlarni, butun xalqimizni ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi – muqaddas Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli onlarda barchamizni mana shunday fayzli va saodatli kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Keyingi yillarda shakllangan anʼanamizga muvofiq, mamlakatimizda Ramazon oyini munosib oʻtkazish boʻyicha bu yil ham sizlar bilan, xalqimiz bilan birgalikda koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirdik.

Avvalo, maxsus qaror asosida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida keyingi 35-yilda birinchi marta 1 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, bemorlarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish kabi ezgu ishlarga sarflanganini taʼkidlash lozim. Xususan, 450 milliard soʻm 600 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga moddiy koʻmak tariqasida yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrdagi davolash rejalashtirilgan 6 ming nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, jumladan ogʻir kasallar operatsiya yoʻli bilan davolanmoqda.

Shuningdek, aholiga 100 ming dona Ramazon sovgʻalari tarqatildi. “Ramazon tuhfasi” loyihasi doirasida esa ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar hamda xorijdagi vatandoshlarimiz uchun 30 mingdan ortiq iftorlik tadbirlari oʻtkazildi.

Bunday olijanob ishlar muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatiga uygʻun va hamohang boʻlib, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarimizning ulkan amaliy natijalari sifatida barchamizni xursand qiladi.

Aziz doʻstlar!

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yanada muhim bosqichiga qadam qoʻymoqda. Keng koʻlamli yangilanish jarayonlari tufayli hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida oʻsish va yuksalish surʼatlari ortib bormoqda. Diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, islom sivilizatsiyasining boy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, oʻtgan yili Buxoro shahrida tasavvuf taʼlimotining yorqin namoyandasi, buyuk avliyo bobomiz Bahouddin Naqshband hazratlari nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini esga olish oʻrinlidir.

Bu yil esa, mana shu qutlugʻ va muborak kunlarda Toshkent shahrida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilishi xalqimizga oʻziga xos Ramazon tuhfasi boʻldi.

Bu kabi ezgu ishlarimizning davomi sifatida kalom ilmining sultoni Imom Moturidiyning Samarqand shahridagi majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Toshkent shahrida esa yaqin kunlarda Xalqaro bagʻrikenglik va dinlararo muloqot markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyamiz. Ushbu markaz Vatanimizning millatlar va dinlararo muloqot va hamkorlik, tinchlik va doʻstlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Jahondagi hozirgi gʻoyat murakkab vaziyatda oila va mahallalarda, butun mamlakatimizda osoyishtalik, fayzu baraka muhitini saqlash, yoshlarimizni yot va buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan asrash oʻta dolzarb vazifamiz boʻlib qolmoqda.

Biz bu borada katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, jonkuyar aka-uka va opa-singillarimiz, hurmatli ziyoli va ulamolarimizga, mahalla faollari hamda tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

Ushbu ulugʻ ayyom kunlarida jahonning turli hududlaridagi urush va nizolar tezroq barham topib, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda hayot kechirishini tilab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlaridagi musulmon birodarlarimizni qutlab, samimiy salom va tilaklarimizni yoʻllaymiz.

Xorijda bayram shukuhi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham chin dildan tabriklab, ularning ishlari va oʻqishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!

Alloh taoloning rahmati yogʻilib turgan ushbu qutlugʻ damlarda siz, azizlarni Iyd al-Fitr bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Ramazon oyida tutgan roʻzalarimiz, qilgan ezgu amallarimiz qabul boʻlsin!

Parvardigori olam el-yurtimizni Oʻz panohida asrasin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti