Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida Huansi Intelligent Technology Co., Ltd kompaniyasi hamkorligida “Oʻzbekiston–Xitoy sanoat korxonalarida texnologik hamkorlik: innovatsion va raqamli yechimlar” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.
Mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻztoʻqimachiliksanoat uyushmasi, Oʻzcharmsanoat uyushmasi hamda Oʻzbekipaksanoat uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Forum doirasida Oʻzbekiston va Xitoy korxonalari oʻrtasidagi hamkorlik uchrashuvlari oʻtkazilib, sanoatni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda qoʻshma loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan bunday hamkorlik zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish, qoʻshma ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda yangi avlod yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, ilgʻor texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik ishlab chiqarishni raqamli boshqarish tizimlarini joriy etish, korxonalar samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish hamda “aqlli fabrika” tamoyillariga bosqichma-bosqich oʻtish imkonini berishi qayd etildi.
Institut uchun bunday hamkorlik strategik ahamiyatga ega boʻlib, qoʻshma laboratoriyalar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, innovatsion ishlanmalarni sanoatga tatbiq etish hamda zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash yoʻlida yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Forum yakunida ushbu tadbir nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoni, balki yangi hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni boshlash uchun muhim platforma ekani taʼkidlandi.