Andijonda qariyb 63 ming dollarlik platinani noqonuniy sotgan shaxs ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qimmatbaho metallarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, Andijon shahrida yashovchi 41 yoshli shaxs bir necha kishi koʻmagida “Doʻstlik” xalqaro nazorat oʻtkazish punkti orqali bojxona nazoratini chetlab oʻtgan holda, Qirgʻizistondan olib kelingan va qiymati 17 ming dollarga teng boʻlgan, jami 162 gramm tilla buyumlarni qabul qilib olib, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida Xoʻjaobod tumanidagi YPX maskanida ushlangan.

Soʻngra, undan Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi, 43 yoshli fuqaro 908 gramm platina metallni sotish uchun xaridor izlayotgani toʻgʻrisida maʼlumot olingan.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu fuqaro qimmatbaho metallni shartli xaridorga 62 950 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.