“Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (621-son, 03.10.2025-y.) qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanaliga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Unda aytilishicha, ushbu qarorga koʻra, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali klinikasi Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasi etib qayta nomlangan.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
- talabalarda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish usullarini faol takomillashtirish;
- tibbiyot taʼlimi va ilm-fanining amaliyot bilan integratsiya qilinishini taʼminlash hamda tibbiy yordam koʻrsatish darajasini oshirish.
Shuningdek, 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab Institutda tayanch doktorantura va doktorantura tashkil etiladi.