“Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro maqom festivali yakunlandi

Turkiya, Ozarbayjon, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻizistondan 70 nafarga yaqin sanʼat namoyandalari qatnashdi.

Foto: xs.uz
Foto: xs.uz
03.10.2025 14:49 O'zbekiston 297

Margʻilon shahrida oʻtkazilgan “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro maqom festivali dunyo xalqlarining doʻstlik, hamjihatlik ayyomi sifatida keng nishonlandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri veb sayti xabar berdi.

Rang-barang tadbirlar doirasida mamlakatimiz hududlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻizistondan 70 nafarga yaqin sanʼat namoyandalari, maqom ijodiy jamoalari, hunarmandlar, mumtoz sanʼat ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari faol qatnashdi.

Erta tongda Margʻilon shahridagi Ijodkorlar bogʻi hamyurtlarimiz, sanʼat va madaniyat ahli, sayyohlar bilan gavjum boʻldi. Festival doirasida milliy hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil etilib, maqom chiqishlari hamda askiya sayli oʻtkazildi.

Bunday tadbirlarning tez-tez oʻtkazib turilishi esa yangi avlodda mumtoz sanʼat durdonalarini avaylab-asrash, davom ettirishga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytiradi.

Tantanali yopilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning festival qatnashchilariga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Shundan soʻng har bir ishtirokchining chiqishi hakamlar hayʼati tomonidan yuksak eʼtirof etilib, munosib ragʻbatlantirildi.