Quyoshda 20-iyundan buyon kuzatilgan eng kuchli portlash qayd etildi, TASS agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, portlash 24-avgust kuni soat 10:24 da (Toshkent vaqti) sodir boʻlgan. Uning kuchi M4.6 darajasiga yetdi va zamonaviy besh ballik tizimda toʻrtinchi toifaga kiritildi.
Olimlarning taʼkidlashicha, hozircha Quyoshdagi faol hududlar Yerga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnalmagan. Biroq yaqin bir sutka ichida ularning yoʻnalishi oʻzgarishi va taʼsir ehtimoli ortishi mumkin.
Taxminlarga koʻra, plazma chiqindilarining dastlabki periferiya taʼsiri 25-avgust kechqurun Yerga yetib kelishi mumkin. Asosiy taʼsir esa 26-avgustning ikkinchi yarmida kuzatilishi kutilmoqda.