O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari Energetika vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Muzokaralar davomida energetika sohasidagi hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi

17.08.2025 19:34 O'zbekiston 151

So‘g‘d viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki mamlakat yoqilg‘i-energetika kompaniyalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda do‘st va qardosh davlatlar rahbarlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning tashabbuslari bilan boshlangan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, energetika sohasida ham jadal va samarali rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Muzokaralar davomida energetika sohasidagi hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, tomonlar 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumi uchun energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, “Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulanish” loyihasi doirasida yuzaga keladigan texnik masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning bugungi darajasidan mamnun ekanliklarini bildirdilar hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida qardoshlik va strategik munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.