Bugun, 15-iyuldan “Ochiq byudjet” portalida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2025-yilgi 2-mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Maʼlum qilinishicha, jarayonlar quyidagi sanalarda:
- Loyiha kiritish bosqichi — 15-iyul – 3-avgust;
- Saralash bosqichi — 4–18-avgust;
- Targʻibot bosqichi — 19–21-avgust;
- Ovoz berish bosqichi — 22–31-avgust kunlari oʻtkaziladi.
“Oʻz hududingizdagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha tashabbus koʻrsating, faol boʻling!” deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2024-yilgi 2-mavsumi hamda 2025-yilning 1-mavsumida (ikkita mavsumda ketma ket) gʻolib boʻlgan 823 ta mahallaga joriy yilgi 2-mavsumi hamda 2026-yilgi 1-mavsumida tanaffus beriladi.
Mazkur mahallalar (shuningdek, ushbu mahallalarda joylashgan maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar) navbatdagi ikki mavsum doirasida oʻz loyihalari bilan ishtirok eta olmaydi.
Tanaffus beriladigan mahallalarning toʻliq roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Gʻoliblar roʻyxatiga aniqlik kiritilgan hollarda har mavsum boshlanishidan avval tanaffus berilayotgan mahallalar roʻyxati Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy sahifalari hamda “Ochiq byudjet” portalida eʼlon qilib boriladi.