Taekvondo boʻyicha ikki karra Olimpiyada chempioni, oʻzbekistonlik Ulugʻbek Rashitov antidoping qoidalarini buzgani uchun ikki yilga musobaqalardan chetlatildi. Bu haqda Xalqaro doping-test agentligi (ITA)ga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Maʼlum boʻlishicha, sportchi soʻnggi 12 oy ichida uch marta oʻzining joylashuvi haqida notoʻgʻri maʼlumot bergan. Bu harakat antidoping qoidalariga koʻra, sinovdan bosh tortish bilan tenglashtiriladi va jiddiy qoidabuzarlik hisoblanadi.
Rashitovning musobaqalardan chetlashtirilish muddati 2025-yil 13-maydan 2027-yil 12-maygacha etib belgilangan. Shuningdek, sportchining 2025-yil 3-fevraldan buyon erishgan barcha shaxsiy natijalari bekor qilingan.
Qayd etilishicha, Rashitov qoidabuzarlikka eʼtiroz bildirmagan va ITA taklif qilgan sanksiyalarga rozi boʻlgan.