Davlat sotsiologik xizmatlari dastlabki ekzit-pollarni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da e’lon qilishdi — bu vaqtga kelib Rossiya hududidagi barcha uchastkalar yopilgandi. Barcha ekzit-pollar beshinchi muddat uchun nomzodini qo‘ygan Vladimir Putinning ishonchli g‘alabasidan darak berayotgandi.
Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VsIOM) ekzit-polli Vladimir Putin 87 foiz ovoz to‘plagani haqida xabar berdi. Jamoatchilik fikri fondi (FOM) ekzit-polli — 87,8 foizdan ortiq ustunlikni ko‘rsatdi.
2018 yilda o‘tkazilgan oldingi saylovlarda Vladimir Putin 76,69 foizlik natija bilan g‘alaba qozongandi.
Ekzit-pollar ikkinchi o‘rinni Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi (KPRF) nomzodi, 75 yoshli deputat Nikolay Xaritonovga berishgan. VsIOMga ko‘ra, u 4,6 foiz ovoz to‘plagan (FOM unga 4,7 foiz ovoz bergan).
Uchinchi o‘rinni — Duma vitse-spikeri, «Yangi odamlar» partiyasi nomzodi Vyacheslav Davankov egallagan. VsIOM ma’lumotiga ko‘ra, u 4,2 foiz ovoz olgan. FOM barcha ovozlarning atigi 3,6 foizi unga berilganini ko‘rsatgan.
Nihoyat, ikkala ekzit-poll ham so‘nggi o‘rinda Rossiya liberal-demokratlar partiyasi (LDPR) raisi Leonid Slutskiyni ko‘rsatgan. VsIOM — 3 foiz, FOM — 2,5 foiz.
Markaziy saylov komissiyasi ham saylov natijalarini e’lon qilib bormoqda. Komissiya protokollarning 97 foizdan ortig‘i hisoblab chiqilganini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Vladimir Putin 87,35, Xaritonov — 4,29, Davankov — 3,82, Slutskiy esa — 3,16 foiz ovoz olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning yakuniy ishtiroki, regionlarning uchdan bir qismida amalga oshirilgan masofadan elektron ovoz berish bilan qo‘shib hisoblaganda, 74,22 foizni tashkil etgan. Katta ehtimol bilan, bu raqam hali yana ortadi.
Vladimir Putin Chechenistonda 98,99 foiz ovoz olgan, deb xabar beradi Respublika saylov komissiyasi barcha byulletenlar hisoblab chiqilganidan keyin. Davomat 97,06 foizni tashkil etgan.
Natijalar, OAVda saylovlar arafasida yozilganidek, Kreml intilgan ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lgan. Davomat Rossiyadagi prezidentlik saylovlari tarixidagi eng yuqorisi bo‘ldi.