Dunyoning qudratli davlatlari yetakchilari Yaqin Sharqdagi mojaro tomonlarini bosiqlikka chaqirib, Tehronning harakatlarini qoraladi.
Foto:REUTERS
«Yettilik guruhi» G7 davlatlari yetakchilari Eronning Isroilga hujumini «aniq va qat’iy» qoralaydi. Bu haqda 14 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda aytilgan.
«Biz Isroil va uning xalqiga to‘liq birdamlik va qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz hamda xavfsizligiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», — deyiladi bayonotda. G7 davlatlari rahbarlari Eronni mintaqani beqarorlashtirish choralarini ko‘rayotganlikda aybladi va Tehron «nazorat qilib bo‘lmaydigan mintaqaviy keskinlashuvni keltirib chiqarishi xavfi bor» deya ta’kidlab, buning oldini olish kerak, deb ma’lum qildi.
«Yettilik guruhi» davlatlari vaziyatni barqarorlashtirish va keskinlashuvning oldini olish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Ular Eron va «uning yordamchilari»dan hujumlarni to‘xtatishni talab qildi. Ular, shuningdek, G‘azo sektoridagi inqirozga barham berish, «zudlik bilan va barqaror» o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishga intilish niyatida ekanini ta’kidladi.