Gruziya poytaxtida namoyishlar bo‘lmoqda

01.05.2024 00:00 Dunyo 5

france24-TAdjtx1P

foto: France24

Gruziya poytaxti Tbilisida 30-aprel kuni hukumat qaroridan norozi bo‘lgan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.

Tbilisi markazidagi parlament binosi yaqinida xorijiy agentlar haqidagi qonunga norozilik bildirgan namoyishchilar to‘plangan. Politsiya ularni tarqatishga harakat qilgan. Oqibatda esa to‘qnashuvlar yuzaga kelgan.

Deputatlar uchun binodan chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yishga uringan bir necha namoyishchilar hibsga olingan. Jurnalistlar binoga xodimlar kirish joyi yaqinidagi hududdan haydab chiqarilgan.

30-aprel kuni mamlakat qonunshunoslari chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni muhokama qilgan. Ammo loyiha tasdiqlanmagan. Muhokama 1-may kuni davom ettirilishi maʼlum qilingan.

17-aprel kuni Gruziya parlamenti xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqullagan edi. Bunga dastlab Gruziya prezidenti Salome Zurabichvili, keyinroq esa muxolifat va G‘arb diplomatlari qarshi chiqqan. Rasmiylar bu qarorni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuviga to‘siq sifatida ko‘rishgan.

Dushanba kunidan beri Tbilisida muxolifat va fuqarolik faollari qonun loyihasiga qarshi mitinglar o‘tkazmoqda. Hukumat qarshiligiga qaramay, namoyishlar to‘xtamagan.