foto:Kremlin.ru
Sergey Shoygu 2012-yildan beri ishlab kelayotgan mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatilib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlandi. Putin, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Andrey Belousovni yangi mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif etdi.
Vladimir Putin Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatib, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Meduza” yozmoqda.
2008-yil may oyidan buyon Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egallab kelgan Nikolay Patrushev “boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan” lavozimidan ozod etildi. Kreml “yaqin bir necha kun ichida” Patrushev egallashi kerak bo‘lgan yangi lavozimni belgilash haqida ma’lum qildi.
Shoygu Xavfsizlik kengashiga o‘tgunga qadar Rossiya Mudofaa vazirligini 12 yil davomida boshqargan — 2012-yil 6-noyabrdan 2024-yil 12-maygacha.