foto: Shutterstock
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Isroil Xalqaro sudning Rafahdagi operatsiyani tugatish haqidagi buyrug‘ini bajarishdan bosh tortsa, unga qarshi sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha “jiddiy muzokaralar” o‘tkazdi. Bu haqda Irlandiya tashqi ishlar vaziri Maykl Martinga tayanib, Politico xabar berdi.
Martinning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq davlatlari doim sud qarorlarini bajarish zarurligini ta’kidlab kelgan.
“Xalqaro Sudning vaqtinchalik qarori bo‘yicha qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi. Bunda Isroil chegara punktini ochish va Rafahdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatish borasidagi buyruqqa amal qilishi kerakligi to‘g‘risida juda aniq pozitsiya aks etdi.
Xalqaro gumanitar huquq, inson huquqlarini hurmat qilish Yevropa Ittifoqining asosidir va hozirgi vaziyat bu masalani haqiqatan ham diqqat markaziga qo‘ymoqda, ayniqsa, kecha tunda sodir bo‘lgan hujumda juda ko‘plab begunoh odamlar o‘ldirilgan”, — dedi Martin.
Isroilning tashqi matbuot aloqalari departamenti Martinning bayonotlariga izoh bermasligini bildirdi.
“Armiya Bosh shtabi hodisa sabablarini o‘rganmoqda va harbiylar tinch aholiga har qanday zarar yetkazganidan afsusda”, —deyiladi Isroil tomoni bayonotida.
Yevropa Ittifoqi 27-may kuni Isroil kuchlarining Rafahga uyushtirgan zarbasi fonida Yevropa Ittifoqi— Isroil assotsiatsiya kengashini chaqirdi.
Belgiya tashqi ishlar vaziri Aja Labib kengashni chaqirish qarori Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borrell bilan birgalikda qabul qilinganini aytdi. Yevroittifoq Isroilning inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlariga rioya qilyaptimi yoki yo‘qligini baholashni rejalashtirmoqda. Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Isroil bilan hamkorlik shartnomasini qisman to‘xtatib qo‘yishga ruxsat bergan.