Shu paytgacha Putin KXDRga faqat bir marta – Shimoliy Koreyani Kim Chen Ir boshqargan 2000 yilda birinchi prezidentlik muddati boshida tashrif buyurgan.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Pxenyanga safar dasturi «juda voqealarga boy» bo‘ladi. Turli formatdagi muzokaralarda «eng muhim, eng nozik masalalar» muhokama qilinadi, dedi Ushakov jurnalistlarga. Rossiya delegatsiyasi tarkibida yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov ham bor.
Bundan tashqari, Ushakovning ta’kidlashicha, Pxenyanda Rossiya va KXDR «xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalari bo‘yicha keyingi hamkorlikni» nazarda tutuvchi keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolashni rejalashtirmoqda. Hozir bu hujjat tayyorgarlik bosqichida, biroq «agar u imzolansa, 1961, 2000 va 2001 yillarda imzolangan asosiy hujjatlar o‘rnini bosadi», dedi Ushakov.
KXDR qurollarini Rossiyaga yetkazish va muzokaralar ehtimoliy mavzulari
G‘arb davlatlari vakillarining fikricha, Pxenyan Moskvani artilleriya snaryadlari va raketalar bilan ta’minlaydi. Rossiyada bu ma’lumot na tasdiqlandi, na inkor etildi.
Putin 19 va 20 iyun kunlari Vetnamga tashrif buyuradi
Kreml matbuot xizmati, shuningdek, 19 va 20 iyun kunlari Vladimir Putin Vetnamga ushbu mamlakat Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong taklifiga binoan kelishini ma’lum qildi. Xanoyda Putin prezident To Lam, bosh vazir Fam Min Tin va Milliy assambleya raisi Chan Txan Man bilan uchrashadi. Rossiya va Vetnam o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni muhokama qilish rejalashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, muzokaralar natijasida bir qancha ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.
2024 yilda bu Putinning to‘rtinchi va beshinchi rasmiy xorijiy tashriflari bo‘ladi. 16-17 may kunlari Rossiya prezidenti Xitoyga, 23-24 may kunlari Belarusga, 26-27 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.