AQSh Isroilga 20 mlrd dollarlik qurol yetkazib berishni ma’qulladi

15.08.2024 00:00 Dunyo 5

RzYepune6avXlWw816grBHUaqB66YUbG

Foto: JACKSON ADKINS / AFP

Gap Isroilga 50 ta F-15 qiruvchi samolyoti va 33 ming dona o‘q-dorilarni yetkazib berish haqida ketyapti, deb xabar berdi AQSh Davlat departamenti.

Qo‘shma Shtatlar Isroilga 20 milliard dollardan ortiq (taxminan 18,2 milliard yevro) qo‘shimcha qurol eksportini ma’qulladi. Davlat departamentining 13 avgust, seshanba kuni xabar berishicha, gap, xususan, 50 ga yaqin F-15 qiruvchi samolyotlari va 33 ming birlikdagi o‘q-dorilar haqida bormoqda. Bu «Isroilning joriy va kelajakdagi dushman tahdidlariga javob berish qobiliyatini yaxshilashi kerak», dedi departament. 

AQSh Kongressiga yuborilgan bildirishnomaga ko‘ra, F-15 qiruvchi samolyotlari 18,25 milliard dollar (taxminan 16,6 milliard yevro) turadi va 2029 yilda yetkazib berilishi kerak. Bundan tashqari, Isroil Mudofaa vazirligi AQShdan 50 mingtagacha minomyot snaryadlari va harbiy transporter sotib oladi. 

May oyida AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektori janubidagi Rafahda harbiy amaliyotda qo‘llanishi mumkinligidan xavotirlar tufayli Isroilga aviatsion bombalarni yetkazib berish to‘xtatilganini e’lon qilgan edi. Biroq Vashingtonga ko‘ra, bu qaror boshqa turdagi qurollar yetkazib berishga ta’sir qilmagan. 

F-15 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha, Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar «Isroil xavfsizligini ta’minlashga sodiq» ekanini tushuntirdi. «AQSh milliy manfaatlari uchun Isroil mudofaa qobiliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash juda muhim», deb ta’kidladi departament.