Telegram asoschisi Pavel Durov 24-avgust kuni Fransiyada hibsga olindi. Bu haqda TF1 xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, u Ozarbayjondan Parijga o‘z shaxshiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qo‘lga olingan.
Durov Telegram’da moderatsiyaning yo‘qligi, ushbu tarmoqda sodir bo‘layotgan noqonuniy harakatlar, jumladan, giyohvand moddalarni tarqatish, bolalar pornografiyasi va firibgarlik va boshqa ayblovlar uchun qidiruvga berilgan. U fransuz huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmagani sababli unga hibsga olish orderi berilgan.
“Pavel Durov albatta tergov izolyatoriga tushadi, u o‘z platformasida son-sanoqsiz huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ydi, buning oldini olish uchun hech narsa qilmadi”, — degan ishga yaqin manba.
Agar unga qo‘yilgan ayblar isbotlansa Durov 20 yilga qamalishi mumkin.