Xitoy AQShdan import qilinadigan neft, yirik hajmli avtomobillar, pikaplar va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 10% boj joriy qilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, AQSh ko‘miri va suyultirilgan tabiiy gazi (LNG) 15% boj bilan bojxona to‘lovlariga tortiladi. Ushbu qaror bugun, 4-fevralda kuchga kirgan AQShning Xitoy mahsulotlariga 10% boj joriy etishiga javoban qabul qilingan. Xitoy bojlar 10-fevraldan kuchga kirishini ma’lum qildi.
Javob choralarini Xitoy Davlat kengashi qoshidagi Tarif va tasniflash qo‘mitasi e’lon qildi. Uning press-relizida ta’kidlanishicha, AQShning bir tomonlama boj joriy etishi Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalarini jiddiy ravishda buzadi hamda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, Xitoy JSTga AQShga qarshi da’vo arizasi kiritgan.