Foto: Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kelasi hafta Saudiya Arabistonida Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishini, unda ikki davlatning tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi hamkorligi muhokama qilinishini tasdiqladi. Zelenskiy bu haqda Bryusselda Yevropa Ittifoqi sammitida ma’lum qildi, unda Yevropa yetakchilari Rossiya agressiyasi fonida qit’a xavfsizligini keskin kuchaytirishga qaror qildi.
Zelenskiy dushanba kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishini, u yerda bu mamlakatning amaldagi hukmdori, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan uchrashishi haqida yozdi. «Shundan so‘ng mening jamoam amerikalik hamkorlar bilan ishlash uchun Saudiya Arabistonida qoladi», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy
Bungacha AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff jurnalistlarga Saudiya Arabistonida Ukraina delegatsiyasi bilan uchrashuvga borishni rejalashtirayotganini tasdiqlagandi.
«Hozir biz Ar-Riyodda yoki ehtimol Jiddada ukrainaliklar bilan uchrashuvni kelishish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. G‘oya tinchlik kelishuvi va birlamchi o‘t ochishni to‘xtatish doirasini takomillashtirishdan iborat», – deya Uitkoffning so‘zlarini keltiradi AFP.
Payshanba kuni Fox News telekanali muxbiri Amerika tomonidan bu uchrashuvda davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols va maxsus vakil Stiv Uitkoff, Ukraina tomonidan esa prezident devoni rahbari Andrey Yermak ishtirok etishini yozgandi. AFP agentligi manbasi ma’lum qilishicha, Ukraina delegatsiyasi tarkibiga mudofaa vaziri Rustem Umerov ham kirishi mumkin.
Uchrashuv sanasi haqida rasman ma’lum qilinmagan, biroq AFP manbasi u Ar-Riyodda 11 mart, seshanba kuni o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi (Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham bu kun haqida gapirgandi).