Ukraina Rossiya bo‘ylab eng yirik hujumini amalga oshirdi

12.03.2025 00:00 Dunyo 6

portlash,terakt

Ukraina tomondan Moskva oblastining o‘ziga yuzga yaqin dron uchib kelgan. Moskva shahri va oblast hududida turar joylar zarba ostida qolgan. O‘zbekistondan qator reyslar boshqa shaharlarga yo‘naltirildi.

11 martga o‘tar kechasi ukrain dronlari Moskva shahri va Moskva oblastiga hujum qildi.

Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin telegram-kanalida xabar qilishicha, ertalabki soat 8:45 ga qadar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrainlarning Moskva tomon uchgan 74 ta uchuvchisiz uchar qurilmasini urib tushirgan. Uning aytishicha ukrain dronlarining Moskvaga eng yirik hujumi bo‘lgan

Moskva oblastida dronlar hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 14 kishi yaralandi, deb xabar berdi hudud gubernatori Andrey Vorobyov o‘z telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vidnoye, Domodedovo, Ramensk shaharlari, Sapronovo qishlog‘i va Yam qishlog‘ida odamlar jarohatlangan.

Baza telegram-kanali xabariga ko‘ra, Moskva oblastining Domodedovskiy rayonidagi Yam qishlog‘idagi «Miratorg» avtoturargohida qo‘riqchi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, shifoxonaning jonlantirish bo‘limida yaralangan 50 yoshli erkak vafot etgan.

Baza va Mash ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 20 kishi, jumladan, ikki bola jabrlangan.

Rosaviatsiya xabar berishicha, Moskvaning Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida dronlar hujumi tufayli vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Moskva yo‘nalishidagi 10 ta reys Samara aeroportiga yo‘naltirilgan.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi quyidagi reyslarni muqobil aeroportlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi:

  • HY9607, Buxoro — Moskva (Vnukovo) — Samaraga;
  • HY611, Toshkent — Moskva (Vnukovo) — Pulkovoga (Sankt-Peterburg);
  • HY9615, Urganch — Moskva (Vnukovo) — Pulkovoga;
  • HY603, Toshkent — Moskva (Domodedovo) — Urganchga.

 

Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir kechada Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 337 ta dronini tutib qolgan va yo‘q qilgan, ulardan 91 tasi Moskva oblasti, 126 tasi Kursk oblasti hududida. Bundan tashqari, Belgorod oblastida 25 ta, Ryazan oblastida 22 ta, Kaluga oblastida 10 ta, Lipetsk va Oryol oblastlarida sakkiztadan, Voronej oblastida oltita, Nijniy Novgorodda uchta dron urib tushirilgan.

Bu Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi davridagi eng yirik hujumidir.