G‘azo aholisini Sudan va Somaliga ko‘chirilish taklif qilinmoqda

15.03.2025 00:00 Dunyo 6

Falastin,qochoq

AQSh va Isroil G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish masalasida Sudan va Somali, shuningdek, tan olinmagan Somalilend hukumatlari bilan bog‘landi, deb yozadi Associated Press AQSh va Isroil rasmiylariga tayanib.

Nashr manbalariga ko‘ra, AQSh va Isroilning bu boradagi alohida aloqalari fevral oyida – AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan birgalikda G‘azodan falastinliklarni ko‘chirish rejasini taqdim etganidan keyin boshlangan. Afrika davlatlari bilan muzokaralarda yetakchi rol Isroilga berilgan, biroq muzokaralar qaysi bosqichda ekani va kim bilan olib borilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Falastinliklarni qabul qilish evaziga Isroil va AQSh Afrika mamlakatlariga ko‘plab moliyaviy, diplomatik va xavfsizlik bilan bog‘liq imtiyozlar – qarzlardan kechish, qurol-yarog‘, texnologiya va diplomatik yordam taklif qilishi mumkin.

Sudandagi ikki mulozim Tramp ma’muriyati harbiylar boshchiligidagi hukumatga falastinliklarni qabul qilish taklifi bilan murojaat qilganini tasdiqladi, biroq u «darhol rad etilgani»ni aytdi. Somali va Somalilend vakillari hech qanday aloqa haqida ma’lumotga ega emasliklarini bildirishgan.

AP uchala hudud ham qashshoqligi va ba’zi hollarda zo‘ravonlik bilan qamrab olingani sababli, falastinliklarni u yerga ko‘chirish taklifi Tramp tomonidan e’lon qilingan maqsadni shubha ostiga qo‘yishini qayd etgan – u rejani amalga oshirish natijasida qochqinlar «juda baxtli va juda xavfsiz» yashashini aytgandi.