AQSh Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni muhokama qilmoqda

18.03.2025 00:00 Dunyo 6

Tramp

 Tramp ma’muriyati BMTni ham shunday yo‘l tutishga chaqirmoqchi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Semafor nashri o‘zining ikkш manbasiga tayanib xabar berdi.

Ushbu qadam Ukrainada jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bo‘lajak tinchlik bitimining bir qismi bo‘lishi  ham mumkin.

Nashrning yozishicha, Tramp ma’muriyati Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish masalasida BMTga murojaat qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Donald Tramp 18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkaziladigan telefon muloqotida hududiy masalalarni muhokama qilmoqchi ekanini aytgan. 17 mart kuni Oq uy AQSh Ukraina bilan «tinchlik o‘rnatilganidan keyin chegara qayerdan o‘tishini» muhokama qilayotganini bildirgan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fevral oyida Ukrainaning har qanday hududi Rossiya tarkibi sifatida huquqiy jihatdan tan olinishi Kiyev uchun «qizil chiziq» ekanini aytgan edi. Shu bilan birga, u jangovar harakatlar tugaganidan so‘ng ayrim hududlar de-fakto Rossiya nazorati ostida qolishi mumkinligini tan olgan.