Xitoy Yer atrofidagi orbitada o‘zining kosmosdagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sun’iy yo‘ldoshlar o‘rtasida «havo janglari» o‘tkazishni boshladi. Bu haqda AQSh kosmik operatsiyalar qo‘mondonligi rahbari o‘rinbosari general Maykl Getleyn ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, XXR va Rossiya kosmik texnologiyalar sohasidagi texnologik tafovutni qisqartirmoqda.
AQSh Kosmik kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, orbitada «bir-birining atrofida sinxron harakatlangan va boshqarilgan beshta obekt» kuzatilgan. «Bu biz kosmosdagi havo janglari deb ataydigan narsa. Xitoy orbitada bir nechta sun’iy yo‘ldoshlarning o‘zaro hamkorligi asosida kosmik operatsiyalarni amalga oshirish uchun taktika, usullar va jarayonlarni sinovdan o‘tkazmoqda», — deydi Getleyn.
Kosmik kuchlar vakili aytayotgan «havo janglari» hodisasi 2024 yilda past Yer orbitasida Xitoyning Shiyan-24 °C va Shijian-6 055A/B eksperimental sun’iy yo‘ldoshlari ishtirokida o‘tkazilgan manyovrlar seriyasi bilan bog‘liq. CNN’ning yozishicha, bunday texnologiyalar Xitoyga sun’iy yo‘ldoshlarni yo‘q qilish yoki ularni ishdan chiqarish imkonini beradi, bu esa aloqani yoki dushman taraf qurolli kuchlarining raketalarni uchirish va aniqlash bilan bog‘liq operatsiyalariga xalaqit qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Getleynning ta’kidlashicha, Xitoy va Rossiya «g‘ayrioddiy» imkoniyatlarni rivojlantirgan. U bunga misol sifatida sun’iy yo‘ldosh signallarini buzish uchun radioelektron to‘siqlarni qo‘llash, razvedka sun’iy yo‘ldoshlariga lazer bilan zarar yetkazish va sun’iy yo‘ldoshlarni ushlab, ularning orbitasini o‘zgartirish kabi manyovrlarni keltirdi. General bu vaziyatni «so‘nggi yillardagi yoki hatto butun tarixdagi eng murakkab strategik vaziyat» deb atadi.