AQSh prezidenti Donald Tramp dunyo mamlakatlarining ko‘pchiligi uchun oshirilgan import bojlarini joriy etishni 90 kunga to‘xtatib turilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davr mobaynida 10 foizlik tarif amal qiladi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Biroq, AQShga nisbatan aks javob tariqasida 84 foizlik bojlar joriy etgan Xitoyga nisbatan import bojlari yanada oshiriladi — 104 foizdan 125 foizgacha. Bu qaror darhol kuchga kiradi. AQSh prezidenti Xitoyni «jahon bozorlariga nisbatan hurmatsizlikda» aybladi.
Tramp qaysi davlatlarga 90 kun davomida pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Uning ta’kidlashicha, bu davlatlar AQSh bilan savdo bitimlari bo‘yicha tinch muzokaralar olib borayotgan va «biror bir shaklda AQShga qarshi chiqmayotgan» mamlakatlardir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muzokaralarni 75 dan ortiq davlat boshlagan.
Tramp bojlarni oshirishni vaqtincha to‘xtatish haqidagi bayonotdan so‘ng AQSh fond bozori indekslari yuqoriga ko‘tarildi.
Trampning ushbu harakatlariga javoban bir qator davlatlar AQSh mahsulotlariga import bojlarini oshirishini ma’lum qildi. Xususan, Xitoy AQShdan olib kiriladigan barcha mahsulotlarga bojlarni 84 foizgacha ko‘tardi.
Yevropa Ittifoqi esa «tamaki, mototransport vositalari, parranda go‘shti, po‘lat va alyuminiy» kabi bir qator amerika tovarlarga 10 foizdan 25 foizgacha tariflar joriy qilishni kelishib oldi.