Xitoy 12-apreldan AQSh tovarlariga bojlar 84 foizdan 125 foizgacha oshirilishini e’lon qildi. Ikki kun oldin Vashington Xitoy mahsulotlariga shunga o‘xshash bojlarni joriy qilgandi. Xitoy raisi uning mamlakati savdo urushidan “qo‘rqmasligini” aytdi, biroq unda “g‘oliblar yo‘qligi” haqida ogohlantirdi.
Xitoy Moliya vazirligi AQShdan keladigan tovarlarga bojlar 84 foizdan 125 foizgacha oshirilishini ma’lum qildi. Ular 12-apreldan kuchga kirdi.
Pekin bunday qarorni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoydan tovarlar importiga boj stavkalarini 125 foizga ko‘targanidan ikki kun o‘tib qabul qildi.
“AQShning Xitoyga nisbatan g‘ayritabiiy yuqori tariflarni joriy etishi xalqaro iqtisodiy va savdo qoidalari, asosiy iqtisodiy qonunlar va sog‘lom fikrni jiddiy ravishda buzadi, shuningdek, to‘liq bir tomonlama qo‘rqitish va bosimdir”, — deyiladi Xitoy Moliya vazirligi bayonotida.
Xitoy raisi Si Szinpin juma kuni birinchi marta AQSh bilan savdo urushiga izoh berdi. “Savdo urushida g‘oliblar yo‘q, dunyo bilan qarama-qarshilik esa faqat o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishga olib keladi”, — dedi Xitoy rahbari Pekinda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashuvda.
Si Szinpinning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy “adolatsiz bosimdan qo‘rqmaydi”, “o‘ziga bo‘lgan ishonchni saqlab qoladi” va “o‘z ishlarini yuritishga” e’tibor qaratadi.