foto:ochiq manbaalar
Istanbul atrofida ketma-ket bir necha zilzila sodir bo‘ldi, eng kuchlisining magnitudasi 6,2 ni tashkil etdi. Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Odamlar sarosimada ko‘chalarga chiqdi, baland binolardan uzoqlashdi. Zarurat bo‘lmasa, avtomobillarda yo‘lga chiqmaslik so‘raldi
23-aprel kuni Marmara dengizi Silivri qirg‘oqlarida ketma-ket zilzilalar sodir bo‘ldi, ulardan eng kuchlisi 6,2 magnitudaga yetdi, deyiladi Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) saytida.
Zilzilalar Istanbul, Tekirdag‘, Yalova, Bursa va Balikesir viloyatlarida yaqqol sezilgan
Ketma-ket uchta zilzila qayd etilgan, soat 12:49 da Silivrida 6,2 magnitudagi, so‘ng 13:02 da ikkita — Buyukchekmejeda 4,9 va 4,5 magnitudagi. Silivrida fuqarolarga shikastlangan binolarga kirmaslik kerakligi aytildi.
Soat 15:12 da to‘rtinchi — 4,9 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani e’lon qilindi, uning markazi yana Buyukchekmejega to‘g‘ri keldi.
“Tegishli idoralarimiz tomonidan joylarda o‘tkazilgan tekshiruvlar va 112 raqamli tez yordamga kelib tushgan xabarlarni o‘rganish natijasida hozirgi vaqtda qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumotlar yo‘q”, deyiladi AFAD xabarida.
Yer silkinishlari taxminan 7 km chuqurlikda sodir bo‘lgan, deya aniqlik kiritdi Anadolu. Agentlikning yozishicha, odamlar vahimaga tushib, binolarni tark etgan va ochiq maydonda to‘plangan. CNN Turk xabariga ko‘ra, zilzila hatto Istanbulgacha bo‘lgan masofa to‘g‘ri chiziq bo‘ylab taxminan 300 km bo‘lgan Anqarada ham sezilgan.