Putin bayram munosabati bilan uch kunlik sulh e’lon qildi

29.04.2025 00:00 Dunyo 8

Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan insonparvarlik nuqtai nazaridan” 8−11-may kunlari uch kunlik sulh e’lon qildi va Ukrainani “bundan o‘rnak olishga” chaqirdi.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi nishonlanadigan kunlarda sulh e’lon qilinadi. Bu haqda Kreml xabar berdi. Qaror “insonparvarlik mulohazalaridan kelib chiqib” qabul qilingan.

Sulh 7-maydan 8-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan e’lon qilinadi. U 10-maydan 11-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 da tugaydi. “Bu davrda barcha jangovar harakatlar to‘xtatiladi”, — deya ma’lum qildi Kreml. O‘z navbatida, Ukraina tomoni “ushbu namunaga ergashishga” chaqirilgan.

Agar Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishni buzsa, Rossiya harbiylari “adekvat va samarali javob qaytaradi”, deya qo‘shimcha qildi Kreml.

Rossiya tomoni Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga qaratilgan oldindan hech qanday shartlarsiz tinchlik muzokaralariga, xalqaro sheriklar bilan konstruktiv hamkorlikka tayyorligini yana bir bor ma’lum qiladi, deyiladi xabarda.