Saudiya Arabistoni Osiyo davlatlari uchun neft narxini oshirmoqchi

07.05.2025 00:00 Dunyo 7

neft

Saudi Aramco davlat kompaniyasi osiyolik xaridorlar uchun barcha turdagi neftlar narxini oshiradi. Bu haqda Bloomberg agentligi iyun oyi uchun mo‘ljallangan prays-listga tayanib xabar berdi.

Yangi tarifga ko‘ra, bir barrel neft narxi 20 foizdan ko‘proqqa qimmatlashadi. Qaror OPEK+ kelishuvi doirasida xomashyo ishlab chiqarishda kutilayotgan sakrashdan mustaqil ravishda qabul qilingan.

Osiyo davlatlari uchun Arab Light markali neft narxi barreli uchun 0,2 dollarga qimmatlashadi. OPEK+ davlatlari uchrashuvidan oldin neftni qayta ishlash zavodlari va treyderlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada neft narxi barreli uchun 0,3 dollarga qimmatlashishi mumkinligi aytilgan edi. Bloombergʼning ta’kidlashicha, Saudi Aramco barcha mintaqalar, jumladan, Yevropa va AQSh uchun ham neft narxini o‘zgartirmoqda. Xususan, AQSh uchun narxlar barreli uchun 0,2 dollarga, Shimoli-G‘arbiy Yevropa va O‘rta Yer dengizidagi xaridorlar uchun esa 1,1 dollarga arzonlashadi.

Aprel oyida OPEK+ ishtirokchilari neft qazib olish hajmini 1 maydan boshlab sutkasiga 411 ming barrelga oshirishga kelishib olgandi. Bu ishlab chiqarishni tiklash bo‘yicha dastlabki uch oylik rejaga mos keladi. 3 may kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak OPEK+ davlatlari ancha ko‘p xomashyo qazib olishlari mumkinligini, ammo ular ishlab chiqarishni to‘xtatib turganini ma’lum qilgandi.