AQSH va Xitoy bojlar bo'yicha vaqtinchalik muzokaraga erishdi

13.05.2025 00:00 Dunyo 8

Tramp boj

AQSH va Xitoy bir-birining tovarlari uchun o‘zaro bojlarni 90 kunga pasaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Jenevada ikki davlatning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. AQSH va Xitoy savdo keskinligini yumshatish, iqtisodiyotdagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun qo‘shimcha vaqt belgilashga kelishdi.

Xitoy importining katta qismiga nisbatan qo‘llanadigan 145 foizlik AQSH bojlari, jumladan, fentanilga bog‘liq stavka ham 30 foizgacha pasaytiriladi. O‘z navbatida, Xitoyning Amerika tovarlariga nisbatan joriy etgan 125 foizlik bojxona to‘lovlari esa 10 foizgacha tushiriladi

Ikki tomon iqtisodiy va savdo munosabatlarini muhokama qilishni davom ettirish uchun maxsus mexanizm yaratishga kelishib olgan. Bu muzokaralarga Xitoy bosh vaziri o‘rinbosari He Lifeng, AQSH moliya vaziri Skott Bessent va AQSH savdo vakili Jeymison Grir rahbarlik qiladi.

Muzokaralar navbatma-navbat Xitoyda, AQSHda yoki tomonlar kelishgan uchinchi mamlakatda o‘tkazilishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda, tomonlar iqtisodiy va savdo masalalari bo‘yicha ishchi darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.