Vohada ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh tayyor mahsulotlarga yangi bozor topish maqsadida Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida «Surxondaryo – Urumchi» savdo uyi oʻz ishni boshladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasida xabar qilindi.
Foto: "Xalq so‘zi"
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Sherali Joʻrayev boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillari, turli soha mutasaddilari hamda hudud rahbarlaridan tarkib topgan 150 nafar delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib qaytdi.
Tashrif davomida Xitoyning Urumchi shahrida joylashgan «AIMEIDA» savdo uyida vohada ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, milliy liboslar, oziq-ovqat va turli ichimliklar namunalari forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Tadbir doirasida «Surxondaryo – Urumchi» savdo uyi oʻz ishni boshlagan.
Delegatsiya aʼzolari Xitoyga tashrifi davomida ilgʻor texnologiyali korxonalarda ham boʻlishib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdi hamda kasanachilik, tikuvchilik, kashtachilik va bosma uskunalarini yetkazib berish boʻyicha bir qator manfaatli shartnomalar tuzdilar.