ShHT tashqi ishlar vazirlari kengashi 21 may kuni Ostona shahrida yig‘iladi

18.05.2024 00:00 IPAK YO‘LI 5

shos_sammit

21 may kuni Ostona shahrida Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari-tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu raisligida ShHTga a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi Majlisi bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda ShHTga a‘zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari, tashkilot bosh kotibi va ShHTning hududiy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori ishtirok etadi.

Majlis kun tartibidagi asosiy masalalardan biri 2024 yil iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ShHTga a‘zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisini har tomonlama tayyorlash va mazmunli o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqishdir.

Delegatsiyalar rahbarlari ShHT doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va mintaqaviy vaziyat, xavfsizlik va hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashadilar.

Majlisda tashkilotning bo‘lajak sammitining yakuniy hujjatlari bilan bog‘liq bir qator qarorlar imzolanishi, shuningdek, axborot xabarlari qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq ShHT davlat rahbarlari sammiti 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi.