Xitoyning Milliy arxitekturasini yodga soluvchi ulkan binoning birinchi qavatida markaziy Osiyolik jurnalistlar bilan doimiy hamkorlik uchun muqim makon ajratildi. Uning ochilishida so‘zga chiqqan CNSning Shinjon filiali rahbari Janob Li hamkasblar bilan uchrashuvdan mamnunligini bildirdi hamda ushbu manzilni eslab qolishni taklif qildi. Negaki kelgusida bu joy jurnalistlar uchun axborot ayirboshlash, tajriba almashish nuqtasiga aylanadi.
Xalqaro hamkorlik uyining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistik tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
Shuningdek tadbirga tashrif buyurgan xar bir media hamkorlarning logotiplari tushirilgan maxsus oyna shu kundan e’tiboran o‘z o‘rnini shu yerdan egallaydigan bo‘ldi. Jumladan bu taxtada yurtimizdagi O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi,Uza axborot agentligi, UzDaily.uz va Ipaknews.uz sayti hamda Ovoza informatsion dasturining ramziy belgisi aks etdi. Shundan so‘ng tadbir Xitoy – Markaziy Osiyo jurnalistlarining bugunning dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan ijodiy muloqoti bilan davom etdi. Xitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi, informatsion agentlik, bosma nashrlar bosh muharrirlari Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zaro manfaatli shartnomalar asosida ish tashkil qilishni taklif etdilar. Shu yerning o‘zida ko‘plab takliflar inobatga olindi va yangi g‘oyalarga start berildi.
Kelgusida bu yerda ishtirokchi mamlakat jurnalistlari o‘rtasida ko‘plab tadbirlar tashkil etilishi kelishib olindi.