O‘zbekiston-Xitoy to‘qimachilik forumi bo‘lib o‘tdi

30.05.2024 00:00 IPAK YO‘LI 5

Bugun Toshkentda “To‘qimachilik va moda sanoati – UzTextile Expo Bahor 2024” 8-xalqaro ko‘rgazmasining uchinchi kungi tadbirlari o‘tkazilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy to‘qimachilik forumi ham ulardan biridir.  Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.

6bAcmYkF2RRMUKvxhSz9VGIbdGnDM5Va_front

Foto: Uza.uz

Tadbirda ikki tomon mas’ullari, ishbilarmon doira vakillari tomonidan O‘zbekiston va Xitoyda to‘qimachilik sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, bu galgi ko‘rgazmada O‘zbekiston, Belarus Respublikasi, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va Turkiyadan 250 kompaniya va brendlarning ishtiroki ushbu tadbirning yildan yilga nufuzi oshayotganidan dalolat beradi.  

O‘z navbatida, ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni ortib bormoqda. Bu yil 60 ta o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar paxta va to‘qimachilik klasterlaridan tortib, to‘qimachilik va kiyim-kechak sanoatining eng so‘nggi ishlanmalari va yuqori sifatli mahsulotlarini taqdim etadigan kichik biznes vakillari o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etmoqda.  

Ko‘rgazmada Xitoy milliy stendi ham o‘zining to‘qimachilik imkoniyatlarini keng qamrab olgani bilan e’tiborlidir. Unda 145 ta kompaniya tomonidan uy to‘qimachilik, tayyor kiyim, ichki kiyim, sintetik va texnik hamda trikotaj matolar namoyish etilmoqda.  

O‘zbekiston-Xitoy to‘qimachilik forumi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘zaro hamkorlik qilishi uchun muhim maydon bo‘ldi.  

Forumda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi v.b. Mirmuhsin Sultonov hozirgi global davrda to‘qimachilik sohasi bo‘yicha Xitoy bilan o‘rnatilayotgan hamkorliklar va Xitoy investorlari tomonidan ishga tushirilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

–Bugungi forumdan ko‘zlangan maqsad hamkorliklarni yanada mustahkamlash, Xitoy to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan savdo aloqalarini kuchaytirish hamda ikki davlat ishbilarmon doira vakillarining B2B formatda uchrashuvlarini tashkil etishdan iborat, – dedi u.  

Shundan so‘ng, Xitoyning Dunguandagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish markazi rahbari Xuang Xai Tao (Huang Hai Tao) so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorliklarning rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan imkoniyat va ishonch katta samara berishini aytib o‘tdi.  

Forum doirasida B2B formatda uchrashuvlar o‘tkazildi.