Xitoyda ishlab chiqarilgan ARJ21-700 rusumli elektron qurilmalar ortilgan samolyot 6 iyun kuni Shinjonning Kulja (Inin) shahridan O‘zbekiston poytaxtiga havoga ko‘tarildi.
Bu xitoylik ishlab chiqaruvchining yuk tashuvchi samolyoti mamlakat chegarasini birinchi marta kesib o‘tdi, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan ushbu turdagi samolyotlar uchun birinchi xalqaro yo‘nalish hisoblanadi.
ARJ21-700 xalqaro parvozga yaroqlilik standartlariga javob beradigan Xitoyda ishlab chiqilgan birinchi mintaqaviy samolyot sanaladi.
Xalqaro yuk tashish yo‘lining ochilishi Shinjon iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Urumchi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi Inin bojxonasi yuklarni rasmiylashtirish uchun yashil yo‘lak yaratdi. U “bir darcha” formatida tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, deklaratsiyalash va eksport qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Bu bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan sxemasini yaratish imkonini berdi. Shunday qilib, Xitoyda ishlab chiqarilgan yuk samolyotlari yordamida Chin yurti mahsulotlarining xalqaro bozorga chiqishi qo‘llab-quvvatlanadi.
"Hangzhou Yuantong Cargo Airlines Co." mchj vakiliga ko‘ra, Inin Chju Xunvu aeroportida dastlabki bosqichda Toshkentga xalqaro yuk yoʻnalishi boʻyicha haftasiga uch marta reyslarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Kulja shahridan Oʻzbekiston poytaxtiga parvoz 15 aprel kuni Inin aeroportida xalqaro yoʻlovchi tashish xizmati ochilganidan soʻng yoʻlga qoʻyilgan birinchi yuk yoʻnalishi boʻldi.
Maʼmuriy markazi Kulja (Inin) shahrida boʻlgan Ili-qozoq avtonom okrugi Ipak yoʻlining iqtisodiy kamaridagi muhim hudud sanaladi. U Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonining pilot erkin savdo zonasi siyosatidan va uning qulay geografik joylashuvidan to‘liq foydalanmoqda, yanada qulayroq “havo Ipak yo‘li”ni faol ravishda yaratmoqda va havo logistika yo‘laklarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda.