"Shinjon sovg’asi" yoki Shingjonning tashrif qog‘oziga aylangan lavanda

13.06.2024 00:00 IPAK YO‘LI 6

Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida lavandalar ko‘p miqdorda o‘stiriladi. Ushbu viloyatda joylashgan ulkan lavanda dalalari Markaziy Osiyolik jurnalistlarning Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan safari davomidagi  navbatdagi manzilga aylandi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerdagi aksariyat dalalar mana shunday binafsha rang bilan qoplangan. Negaki shu yerda yetishtirilgan lavandalar butun Xitoy bo‘ylab turli xil mahsulot shaklida tarqaladi.

Aniqrog‘i, bu o‘simlikdan choy, moy, kosmetika kabi foydali va xushbo‘y mahsulotlar tayyorlanadi. Yana biroz muddatdan so‘ng lavandaning butunlay qiyg‘os ochilgan davri boshlanadi.Uni yetishtiruvchilar nafaqat  qayta ishlash uchun, balki mana shunday go‘zal gullarni shunchaki tomosha qilishga kelgan insonlar uchun ham o‘z eshiklarini ochishadi.

Bir kunda 30 000 dan ortiq sayyoh bu turdagi gullarni ko‘rish, go‘zal manzarada suratga tushish va zavqlanish uchun atigi 35 yuan to‘lov qiladi.

Lavanda mahsulotlarining ko‘rgazma zalida uning gulidan tayyorlangan 30 dan ortiq turli xildagi esdalik va ehtiyoj uchun suvenir shaklidagi buyumlarni xarid qilish mumkin. Hamkasblar bilan safarimiz davomida eng yoqimli manzil ham shu joy bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.