Andijon viloyatida mega loyiha amalga oshiriladi

19.06.2024 00:00 IPAK YO‘LI 7

78fc4a116990fd749c24edfd005a832e

Andijon viloyatining yarmidan ko‘pini elektr bilan ta’minlovchi loyihani amalga oshirish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati hamda Xitoyning Zheijang Commercial Building kompaniyasi bilan yangi kelishuvlarga erishildi. Amaldagi hamkorlik 118 megavatt quvvatdagi 200 million dollarlik GESlar loyihasi bo‘yicha boshlangan.

17-iyun kuni esa rejalar yanada kengaytirilib, Xitoyning Sindzyan-Uyg‘ur avtonom rayonidagi uchrashuvda Andijonda jami 300 megavatt quvvatdagi GESlar qurilishiga kompaniya rahbariyati bilan kelishib olindi.

Ushbu loyiha umumiy qiymati 500 million dollarni tashkil etadi. Birinchi bosqichda 50 million dollar investisiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi.

“Loyihaning umumiy quvvati Andijon viloyatining yarmidan ko‘p hududlarini elektr bilan ta’minlashga yetarli sanaladi”, — deyiladi xabarda.