O‘zbekistonda BYD Seagull va E2 elektromobillarini ishlab chiqarish boshlanmoqda

16.07.2024 00:00 IPAK YO‘LI 5

lUqqB0MOSdGUlqalBJM9hnVJNQ9q98Jg

Foto: O‘zavtosanoat

BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan O‘zbekistonda yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xususan, BYD Seagull va E2 sinov laboratoriyalarida tekshirilyapti. Avvalroq, kompaniya bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan modellar import mashinalarga nisbatan arzonroq bo‘lishiga va’da bergandi.

BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya xabarida keltirilishicha, ishlab chiqarish uchun ko‘zda tutilgan yangi modellar orasida BYD Seagull va E2 ham bor. Ularning birinchi namunalari sinov laboratoriyalarida tekshirilmoqda.

«BYD Seagull va E2 modellari uchun sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida ushbu avtomobillar UzTest davlat muassasasining Quality and Safety Testing sinov laboratoriyalari kompleksiga topshirildi», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 27 iyun kunidan Jizzaxdagi zavodda BYD’ning Chazor va Song Plus Champion modellarini ishlab chiqarish boshlangandi. Shundan so‘ng, «O‘zavtosanoat» rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulov xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani, ularning birinchi namunalari sinovdan o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirilganini ma’lum qilgandi.