Qoraqalpog‘istonda ikkita SHES qurilishiga start berildi

20.08.2024 00:00 IPAK YO‘LI 7

4LUFId17240649051519_b

Prezident Qoraqalpog‘istonda Xitoy va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilishiga start berdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy rivoji haqida so‘zladi.

Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025−2028-yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va budjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.

Davlat rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida to‘xtaldi. O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qo‘ymoqda, dedi u.

So‘nggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.

2030-yilga qadar Qoraqalpog‘istonda 11 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.

Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.

Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlanmoqda. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati 1,2 milliard dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi (SHES). Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.

Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.