Toshkent shahar hokimligida China State Construction Engineering Corporation (XXR) korporatsiyasining bo‘linma bosh direktori Lyu Dun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov mehmonlarni kutib olib, konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi. U shahar ma’muriyati va Xitoy kompaniyasi o‘rtasidagi sheriklikning muvaffaqiyatli rivojlanishi ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi natijasi ekanini, bu esa o‘zaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini qayd etdi.
Bir qator muzokaralar va erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘lgan uchrashuv yakunida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bitimlar imzolandi:
• Toshkent shahri yo‘l infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash.
Investitsiyalar hajmi $300 mln.ni tashkil etadigan loyiha doirasida shahar yo‘llari va tegishli infratuzilmani qayta qurish rejalashtirilgan. Ishlarni bajarishga 200 dan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar, jumladan, geodezistlar, transport muhandislari va loyihachilar jalb etiladi.
• Loyihalashtirish va kadrlarni o‘qitish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish.
Ushbu loyiha 20 dan ortiq ish o‘rnini yaratadi. Korxona yo‘l qurilishi va infratuzilmani rivojlantirish sohasida mutaxassislarni, jumladan, arxitektorlar, loyihachilar va dizaynerlarni tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.
• Ko‘priklarni loyihalash va qurish.
Moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish, ko‘priklarni loyihalashtirish va qurishni nazarda tutuvchi $259 mln.lik shartnoma imzolandi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ko‘priklar qurilishi tirbandlik muammolarini bartaraf etishga yordam berishi va poytaxtda yo‘l harakatini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.
• Yirik turar joy majmuasi qurilishi
Taxminan $440 mln.lik loyiha doirasida biznes va savdo markazlari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarini o‘z ichiga olgan zamonaviy turar-joy majmuasini qurish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda ushbu loyiha muhokama bosqichida.
O‘tkazilgan muhokamalar va imzolangan kelishuvlar Toshkent shahar hokimligi, China State Construction Engineering Corporation korporatsiyasi va "Toshkent Invest" kompaniyasi o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlaydi hamda yuqorida qayd etilgan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun asos yaratadi.
Ma’lumot uchun:
China State Construction Engineering Corporation (CSCEC) — Xitoyning eng yirik qurilish kompaniyasi va bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi.
CSCEC quyidagi asosiy yo‘nalishlarda yetakchi o‘rinlarni egallaydi:
• Yo‘llar, ko‘priklar, aeroportlar, to‘g‘onlar va muhandislik tizimlari kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish.
• Turar joy majmualarini, shu jumladan, elite uy-joylarni loyihalashtirish va qurish.
• Ofis binolari, mehmonxonalar, savdo markazlari va ishbilarmonlik mavzelarini qurish.
• Sport arenalari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, ko‘rgazma va konferensiya markazlarini barpo etish.
Kompaniya investitsiya va ko‘chmas mulkni boshqarish yo‘nalishlarini faol rivojlantirmoqda, loyihalashtirishdan foydalanishgacha to‘liq siklli xizmatlarni taqdim etmoqda.
2023-yil yakunlari CSCECning qurilish sohasidagi yetakchiligini tasdiqladi:
• Daromadlarning umumiy hajmi $300 mlrd.dan oshdi.
• Sof foyda $16,7 mlrd.ni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 5 foizga ko‘paydi.
• Xalqaro shartnomalar $51 mlrd. daromad keltirdi, bu korporatsiyaning global mavqeini mustahkamladi.
• Kompaniyaning aktivlari $500 mlrd.ga yetdi, buyurtmalar portfeli esa $1 trln.dan oshdi, bu esa kelgusi yillar uchun barqaror bandlikni ta’minlaydi.
CSCEC 100 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, osmono‘par binolar, aeroportlar va milliy infratuzilma majmualari kabi 6000 dan ortiq yirik obyektlarda loyihalarni amalga oshirmoqda. Korporatsiya Fortune Global 500 ro‘yxatining Top 10 taligiga kiradi va har yili o‘z pozitsiyalarini yaxshilaydi. 2023-yilda innovatsiyalar va barqaror qurilishlarga $2,5 mlrd.dan ortiq sarmoya kiritdi.