Xitoy 2024-2025 yillarda ShHTga raislikni qabul qildi

03.01.2025 00:00 IPAK YO‘LI 6

shos_predsedatelstvo_knr1

XXR ShHTga raislikni faol boshladi. Chin yurti ShHTning do‘stona, birlashtiruvchi va samarali sammiti hamda tashkilotning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari doirasida 40 dan ortiq tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Xususan, ShHT Siyosiy partiyalar forumi, Qashshoqlikka qarshi kurashish va barqaror rivojlanish forumi, Xalqlar do‘stligi forumi va do‘st shaharlar forumi, Xalqaro sarmoya va savdo ko‘rgazmasi kabi yirik tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, madaniy tadbirlar: kinofestival, telefestival, ShHT mamlakatlari san’at festivali, yoshlar innovatsiyalari va tadbirkorlik tanlovi, xattotlik va haykaltaroshlik tanlovlari, shuningdek, "ShHT yozi" loyihasi ham tashkil qilinadi.

Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 2-yanvar kuni ShHTga raislikni o‘z zimmasiga olgan Xitoy o‘z logotipini taqdim etdi.

Dumaloq logotipning o‘rtasida ShHT emblemasi joylashgan bo‘lib, uning atrofida Xitoy raisligining shiori uch tilda – xitoy, rus va ingliz tillarida yozilgan: “Shanxay ruhini targ‘ib qilish: ShHT harakatda”. Logotipning cheti an'anaviy xitoylik Kuylun ajdaho dizayni bilan bezatilgan bo‘lib, u ko‘pincha Chunsyu va Chjango davrlaridagi bronzalarda uchraydi. Qadimgi Xitoy madaniyatiga ko‘ra, bu naqshlarning shakllari umid va uzluksiz taraqqiyotni, ularning tuproqdek va tillarang tuslari esa ShHTning unumdor tuproqda ildiz otgani va kelajagi porloq ekani, tashkilotning qat’iyat va hayotiy kuchga to‘laligidan dalolat beradi.

ermekbaev1

Foto: ShHT kotibiyati

Shuningdek, tashkilotning yangi bosh kotibi Nurlan Ermekboev ham ish boshladi. U ilk uchrashuvini 2025-yil 3-yanvar kuni ShHTning Pekindagi shtab-kvartirasida Qozog‘istonning XXRdagi elchisi Shaxrat Nurishev bilan o‘tkazdi.

Uchrashuvda N.Ermekboyev tashkilotning jadal rivojlanishi avvaldan to‘plangan tajriba asosida zamonaviy voqelikka mos yangi g‘oyalarni joriy etish asosida davom etishini alohida ta’kidladi.

2024-yil may oyida ShHT Kotibiyati rahbari lavozimiga Qozog‘iston vakili nomzodini ilgari surilgani xususida xabar bergan edik. Nurlan Yermekbayev ShHTning sakkizinchi Bosh kotibi bo‘ldi, u Xitoy vakili sifatida Chjan Minning o‘rnini egalladi.

N. Yermekbayev 61 yoshda. U sobiq ittifoq mudofaa vazirligi tizimida, so'ngra Qozog‘istonda turli lavozimlarda xizmat qilgan. Qozog‘istonning bir qator mamlakatlarda, shu jumladan Xitoyda diplomatik missiyalarini boshqargan, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimini egallagan. Prezident ma‘muriyatida ishlagan, Qozog‘iston xavfsizlik Kengashining kotibi bo'lgan. Mudofaa vaziri lavozimidan ketgandan so‘ng, 2023 yil yanvar oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari etib tayinlangan.

Siyosiy fanlar nomzodi, bir necha o‘nlab maqolalar muallifi, "Qozog‘iston va dunyo mamlakatlari"kitobining hammuallifidir. Diplomatik martabaga ega favqulodda va Muxtor elchi. Rus, xitoy, ingliz tillarini biladi.

Bosh kotib tashkilotning doimiy ijro etuvchi organi bo'lgan ShHT kotibiyatiga rahbarlik qiladi. Uning nomzodi tashqi ishlar vazirlari Kengashining taqdimnomasiga binoan davlat rahbarlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Bosh kotib az‘o davlatlar fuqarolari orasidan rotasiya asosida a‘zo davlatlar nomlarining rus alifbosi tartibida keyingi muddatga uzaytirish huquqisiz uch yil muddatga tayinlanadi.