"Shanghai SUS Environment Co. Ltd" kompaniyasi vitse-prezidenti Tom Shi "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati haqidagi fikrlarini bildirdi hamda xalqimizni kirib kelayotgan Yangi – 2025-yil bilan qutladi:
– So'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatingizda chiqindilarni boshqarish bo'yicha qat'iy siyosat va qayta tiklanadigan energiyaga oid ulkan maqsadlarni amalga oshirish orqali barqaror rivojlanishga o'tishni tezlashtirmoqda
Hukumatning tashabbuslari va mahalliy talabning ortib borayotganiga javoban biz 2024-yilda O'zbekistonning chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bozoriga kirib, mamlakatning barqaror o'sishini qo'llab-quvvatlash uchun ilg'or texnologik yechimlarni taqdim etyapmiz.
Ta'kidlash joizki, ko'rilishi nazarda tutilgan zavodlar ishga tushirilishi bilan O'zbekiston Markaziy Osiyoda maishiy chiqindilarni energiyaga aylantiradigan zavodlarga ega bo'lgan birinchi davlatga aylanadi.
O'zbekiston rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, investitsion jozibadorlikni oshirish maqsadida qabul qilinayotgan qarorlar va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli biz yurtingizda o'z loyihalarimizni amalga oshirishdan juda mamnunmiz.
Kompaniyamiz, shuningdek, O'zbekistonni yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladigan Xitoyning zamon talabiga javob beradigan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalari va turli yo'nalishdagi yirik ilg'or kompaniyalarini jalb etishga o'z hissasini qo'shishni rejalashtirmoqda.
O'zbekiston uchun yangi bo'lgan ushbu yo'nalishda kadrlar tayyorlash, mahalliy oliy ta'lim muassasalari va sohaga bog'liq tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borish hamda qonunchilikka tegishli normativ hujjatlarni birgalikda ishlab chiqarish yo'nalishida ham hamkorlik qilamiz.
O'zbekistondagi loyihalarimizni kengaytirish maqsadida salkam 1 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan investitsiya kiritishni rejalashtiryapmiz.
Umid qilamizki, 2025-yilda ham hamkorligimiz juda samarali bo'ladi va ikki tomonlama munosabatlarimiz yanada jadallashadi
Fursatdan foydalanib, do'st O'zbekiston xalqiga kirib kelgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.