"ShHT sammiti yilning eng muhim voqeasi bo‘ladi" - Xitoy TIV

23.02.2025 00:00 IPAK YO‘LI 5

ShHT

ShHT sammiti 2025: Xitoy birdamlikni mustahkamlamoqda

Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti navbatdagi raisligi doirasida ishlarni olib bormoqda va do‘stlik, birdamlik va samarali natijalar bilan ajralib turadigan ShHT sammitini tashkil etish g'oyasiga sodiqdir.

Bu haqda 22 fevral kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Go Szyakun ma’lum qildi.

"Ayni paytda Xitoy ShHT raisi sifatidagi vazifalarni bajarish ustida jadal ishlamoqda va tashkilotni yuqori darajadagi hamjihatlik, muvofiqlashtirish, dinamizm va samaradorlik bilan ajralib turadigan yuqori sifatli rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish uchun barcha tomonlar bilan hamkorlik qiladi," - dedi diplomat.

Go Szyakun ta’kidlaganidek, 2024-yil iyul oyida SHHTga navbatdagi raislikni qabul qilganidan buyon Xitoy ShHTning siyosat, xavfsizlik, savdo, madaniy-gumanitar sohalardagi chuqur hamkorligini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Rasmiy vakilning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy allaqachon ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashi yig‘ilishi, ShHT davlatlari chegara idoralari rahbarlarining uchrashuvi va a’zo davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va o‘zaro ishonch sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlarini o‘tkazgan.

Shu bilan birga, Xitoy hamkorlikning amaliy jihatlarini chuqurlashtirish va mustahkamlash maqsadida SHHT mamlakatlarining kasbiy-texnik ko‘nikmalari tanlovi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda elektron tijorat bo‘yicha tadbir va ShHT a’zolarining noshirlik ishi bo‘yicha konferensiya tashkil etganini ta’kidladi. Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, turli a’zo davlatlar vakillari o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stlikni mustahkamlash maqsadida Xitoy tomonidan ShHT tahliliy markazlari xalqaro forumi, Yoshlar kampusi, ShHTning Kunmin xalqaro marafoni va ShHT ayollar forumi o‘tkazildi.

Diplomat, shuningdek, SHHTning Barqaror rivojlanish yili doirasida Xitoy ham yashil rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ma’lumotlar almashish va ekologik toza past uglerodli texnologiyalar kabi sohalarda o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yganiga e’tibor qaratdi.

Go Szyakunning ma’lum qilishicha, keyingi bosqichda Xitoy turli sohalardagi vazirlar darajasidagi uchrashuvlardan tashqari, ShHT siyosiy partiyalari forumi, global boshqaruv masalalari bo‘yicha davra suhbati, innovatsiyalar va tadbirkorlik bo‘yicha yoshlar tanlovi, ShHT kinofestivali, televideniye va san’at festivallari kabi bir qator tadbirlarni o‘tkazadi.

Bu yilgi voqealarning eng muhimi ShHT sammiti bo‘ladi, unda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kelajakdagi rivojlanish va hamkorlik rejalarini birgalikda muhokama qilish uchun yana Xitoyda yig‘ilishadi, deya xulosa qildi XXR TIV rasmiy vakili.