Toshkent viloyati hokimligi va “Beijing China sciences runyu environmental technology co ltd” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga muvofiq Yangiyo‘l shahrida qiymati 120 million AQSH dollari bo‘lgan chiqindini qayta ishlash zavodi qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Mazkur loyiha ishga tushgach kuniga 800 tonna chiqindi yoqish orqali ishlaydigan elektr stansiyasi aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Mazkur loyihani kelgusida yanada kengaytirib, kunlik quvvatini 4 ming tonna chiqindini zararsiz yoqish, elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Yaratilayotgan ish o‘rni 150 nafardan ortiq. Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushganida, sarmoyaviy miqdori 400 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.
Ayni paytda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida bo‘lib turibdi. Bu yerda savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish borasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ma’lum qilinishicha, hozirda birgina Toshkent viloyatida 700 dan ortiq Xitoy kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, ularda o‘n minglab vatandoshimiz mehnat qilmoqda.
Muzokaralarda Shandun provinsiyasi ilmiy-ommabop tadqiqotlar assotsiatsiyasining bosh kotibi Su Chjitszyun, “Sky Success International Investment Co.” va “Sky Asia International Investment Limited” kompaniyasi direktori Sun Xayfen, “Zhongru Ke Xinda Construction Group Co.” qurilish kompaniyasi bosh direktori Gao Szyunxay singari 10 dan ortiq taniqli tadbirkor ham ishtirok etdi.