Xitoy iqtisodiy markazlari bilan aloqalar kengaymoqda

06.03.2025 00:00 IPAK YO‘LI 5

O'zbekiston Bosh konsulxona xodimlari Guandun provinsiyasining Shenchjen shahridagi "Belt and Road Environmental Techonology Exchange and Transfer Center" ("BRETTC") markazi direktor o'rinbosari Siye Junsuan bilan uchrashuv o'tkazdilar. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi

1741227937851_wecwcpng

Unda O'zbekiston va Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. 

Markaz direktori o'rinbosari Siye Junsuan tashkilotga a'zo kompaniyalarning O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi ortib borayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, u joriy yil davomida qo'shma iqtisodiy tadbirlarni tashkil etish, mamlakatimiz salohiyati va imkoniyatlarini ommalashtirishga qaratilgan marketing kampaniyalarini uyushtirish, investitsion loyihalar va tijorat takliflarini mahalliy kompaniyalar orasida keng targ'ib qilishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida "BRETTC" bilan birgalikda aprel oyida Shenchjen shahrida yetakchi mahalliy kompaniyalar ishtirokida "O'zbekiston investitsiya, savdo va turizm imkoniyatlari" mavzusidagi biznes-forumni o'tkazish, Guandun, Gonkong va Makaodan yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish uchun "Visit Uzbekistan" mavzusida taqdimot tadbirlarini tashkil etish va boshqalar xususida kelishib olindi.

"BRETTC" 2016 yilda Xitoy Ekologiya va atrof-muhit vazirligi hamda Shenchjen shahar munitsipaliteti hamkorligida tashkil etilgan. Tashkilot "Bir makon, bir yo'l" tashabbusiga qo'shilgan mamlakatlar kompaniyalarining o'zaro hamkorligini qo'llab-quvvatlash, "yashil" texnologiyalar almashinuvi, sanoat va texnologiya transferi yo'nalishlarida Xitoy kompaniyalariga ko'maklashish bilan shug'ullanadi.