Mulalak” GESi qurilishini Xitoy moliyalashtirishi kutilmoqda

01.04.2025 00:00 IPAK YO‘LI 6

GES

foto:fergana.ru

Piskom daryosida yirik “Mulalak” gidro elektr stansiyasi quriladi. “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayevga ko‘ra, loyiha Xitoy banki kreditlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Pudratchi tashkilot ham ushbu davlatdan bo‘lishi mumkin. Boisi Xitoy tomoni tegishli kelishuvlarda shunday talabni qo‘ygan

Tadbirda Kun.uz muxbiri Chorvoq suv ombori atrofida va undan yuqoriroqda qurilishi rejalashtirilgan GESlarga ketadigan mablag‘lar haqida so‘ragan

Prezidentning 332-sonli qarori bor. Unga asosan davlat ulushi 50 foiz hamda undan yuqori bo‘lgan barcha tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha texnik iqtisodiy asosnoma ishlab chiqiladi. Ushbu qarorga asosan, u majburiy ravishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi ekspertiza markazidan o‘tkaziladi. Ijobiy xulosa berilgach, tasdiq uchun hukumatga kiritiladi hamda ularni amalga oshirish uchun alohida qaror qabul qilinadi”, deydi “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev.

Hozirda Toshkent viloyatida qurilayotgan “Piskom” va “Chotqol” GESlari ekspertizadan o‘tkazilgan hamda hukumat va prezident qarorlari qabul qilingan. Ushbu loyihalarga kiritiladigan investitsiyalarni qoplash muddati hisobga olingan. 

Men bitta narsani aytib o‘tmoqchi edim: moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lmagan loyihalar bo‘yicha alohida qaror qabul qilinmaydi. Mana, yaqindagina Piskom daryosida yirik “Mulalak” gidro elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Ushbu loyiha bo‘yicha ekspertiza, kelishuv jarayonlari to‘liq o‘tkazildi. Moliyalashtirish manbalari aniqlandi. Ushbu loyihani amalga oshirish endi boshlanadi”, deydi Farrux Nurullayev.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Mulalak” gidro elektr stansiyasi loyihasini Xitoy banki moliyalashtiradi. Hozir Moliya vazirligi va Xitoy hukumati o‘rtasida kelishuvlarni imzolash jarayonlari boshlangan. Ekspertizadan o‘tkazilib, tender e’lon qilinadi.

Moliyalashtirish manbalari Xitoy banki bo‘ladimi yoki boshqa davlat banklari bo‘ladimi, har bitta kredit beradigan tashkilotning pudratchini aniqlash bo‘yicha shartlari bo‘ladi. Misol uchun, Xitoy banklari kredit berganda, o‘zining hududidagi salohiyatli pudratchi tashkilotlar orasidan tender asosida aniqlash talabi qo‘yilgan. Boshqa banklarda ham xuddi shunaqa talab bo‘ladi. Bugungi kunda “Mulalak” gidro elektr stansiyasi bo‘yicha pudratchi tashkilot aniqlanmagan. Bu bosqichga endi o‘tdik”, deya ta’kidladi jamiyat boshqaruvi raisi o‘rinbosari.

Farrux Nurullayev GESlarda ishlab chiqariladigan 1 kWh elektr-energiyaning tannarxiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, hozirda jami xarajatlarni inobatga olganda ishlab chiqarish tannarxi 185 so‘mni tashkil etadi. Mazkur miqdor yangi loyihalar va ularni amalga oshirish xarajatlari nuqtayi-nazaridan har yili o‘zgarishi mumkin.