Xitoyning Sino Road and Bridge Corporation korporatsiyasi O‘zbekistonda transport infratuzilma loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2-aprel kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ushbu korporatsiyaning xorijiy bo‘limi ijrochi bosh direktori Djimmi Chang boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Xitoy kompaniyasining ishtirok etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Djimmi Chang Sino Road and Bridge Corporation korporatsiyasi temiryo‘l, aviatsiya va yo‘l xo‘jaligi infratuzilmalarini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirgan.Sino Road and Bridge Corporation korporatsiyasiga Toshkent, Samarqand va Qo‘qon shaharlaridagi temir yo‘l vokzallarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarida ishtirok etish taklif qilingan
Uchrashuv yakunida transport vaziri o‘rinbosari muhokama etilgan loyihalar yuzasidan Sino Road and Bridge Corporation korporatsiyasiga har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan aniq takliflarni ishlab chiqish zarurligini aytdi.