foto:topwar.ru
O‘zbekiston Xitoydan JF-17 ko‘p maqsadli qiruvchisi hamda J-35A “beshinchi avlod” samolyotini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda mintaqaviy manbalarga tayangan holda Defence Post yozmoqda.
Resonant news nashri esa J-35 ekani aytilgan samolyot ichidan olingan videoni e’lon qildi. Unda harbiy formasiga O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan uchuvchini ko‘rish mumkin.
Hozircha na Pekin, na Toshkent qiruvchi samolyotlar haqida rasmiy bayonot bermadi. Biroq yuqorida sanab o‘tilgan nashrlar nomi ochiqlanmagan mahalliy manbalarga tayanib, Xitoy tomoni samolyotlar sotuvi uchun ruxsat berganini yozdi. Ammo gap aynan qaysi model haqida ketayotgani ochiqlanmadi. Biroq taxminlarga ko‘ra, bu Xitoy va Pokiston hamkorligida ishlab chiqilgan JF-17 Thunder “to‘rtinchi avlod” samolyoti bo‘lishi mumkin.
Samolyot haqida
J-35A Xitoyning yetakchi Shenyang Aircraft Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. U quruqlik nishonlariga zarba berish, havo janglarini olib borish kabi vazifalarni bajara olgani bois ko‘p maqsadli qiruvchi sifatida ta’rif beriladi. Samolyot uzunligi 17 metrni, qanotlari kengligi esa 11.5 metrni tashkil qiladi. Qiruvchi bir juft WS-19 yoki WS-13 turbofan dvigateli bilan jihozlangan. Bu samolyotga tezligini 2,200 km/soatga yetkazish imkonini beradi. U 1,200–1,500 kilometr radiusda jangovar topshiriqlarni bajarishi mumkin. Tashqi yoqilg‘i baklari bilan masofa yanada ortadi.