Farg‘ona viloyatida metallurgiya zavodi quriladi

11.04.2025 00:00 IPAK YO‘LI 7

6iRHi817441766773479_l

Xitoyning Shandong Aipurui Steel Plate kompaniyasi Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida metallurgiya zavodi qurilishiga 120 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi “Taraqqiyot” sanoat hududida Xitoyning “Shandong Aipurui Steel Plate Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda metalni qayta ishlash zavodi barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya rahbari Xan Szunbay boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvni amalga oshirdi.

Ta’kidlanishicha, qiymati 120 million dollardan ortiq bo‘lgan zavod uch bosqichda qurilib, 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Birinchi bosqichni oktabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

“Zavodda qayta ishlangan metalldan ishlab chiqariladigan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ham ichki bozorga, ham eksportga yo‘naltiriladi”, — deyiladi xabarda.

Investor Xan Szunbay zavodda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari va eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani haqida so‘zlab berdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketayotgani, nafaqat ishlab chiqarish, balki biznes-forumlar o‘tkazish uchun ham sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Shandong Farg‘ona viloyatida boshqa loyihalarni ham amalga oshirmoqda. Masalan, Shandong Weida Construction Machinery Co., Ltd. kompaniyasi viloyatning Dang‘ara tumanida qurilish materiallari (gazobeton bloklari) zavodini qurishni rejalashtirmoqda.

Shandong Swan Cotton Industrial Machinery kompaniyasi paxta terish mashinalarini yig‘ish, texnik xizmat ko‘rsatish va mexanizatorlar uchun o‘quv markazini tashkil etadi.