30-aprel kuni Urumchi shahrida O‘zbekiston - Xitoy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
Uning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi
Bugungi kunda xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.
So‘ngi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishiga start berildi.
Ushbu loyihaning ishga tushirilishi natijasida O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasidagi yirik logistika xabi sifatida shakllanadi.
O‘tgan davrda yalpi ichki mahsulot hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda ushbu ko‘rsatkichni 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
So‘ngi yillarda mamlakatimizda 70 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘i ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.
Kelgusi 5-yilda “yashil” energiya manbalarining energetikadagi ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatimizda yiliga 25 million tonna yuqori sifatli meva-sabzavot yetishtirilmoqda. Yiliga 2,5 milliard dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda.
Mamlakatimiz dunyodagi ko‘plab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga ega ekani bildirildi.
O‘zbekiston - Xitoy iqtisodiy forumi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari rahbarlari va vakillari “B2B” shaklda ham muzokaralar olib bordi.
Xitoyga tashrif doirasida Xitoyning “China General Nuclear Power”, “Sichuan Jiuzhou Investment Holding Group”, “Xinjiang Lihua Groupˮ, Xitoy To‘qimachilik mahsulotlari importi va eksporti palatasi, “Shanghai Oriental Credits Industrial Development So., Ltd”, “Longze Investment Group Co., Ltd.”, “Watchman Group PTE. Ltd”, Pekin texnologiyalar universiteti, Elektrotexnika savdo palatasi, Xitoy Charm assotsiatsiyasi singari qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.